Asosiy matnga o'tish

Sotuvchilar va obyom

Dasturda smena yo'q: har bir sotuv kim sotganini o'zi eslab qoladi. Shuning uchun har bir sotuvchi qancha sotganini istalgan davr uchun ko'ra olasiz.

  1. Menyuda Sotuvlarni oching.

  2. Davrni tanlang: Bugun, Kecha, Hafta, Oy yoki kalendar belgisi.

  3. Ro'yxat tepasida har bir sotuvchining kartochkasi chiqadi.

Kartochkada:

  • sotuvchining ismi va nechta chek urgani;
  • tushum (katta raqam);
  • Foyda (faqat egasi va boshqaruvchiga ko'rinadi);
  • Obyom (yoqilgan bo'lsa, pastda qarang);
  • to'lov turlari: Naqd, Karta, O'tkazma, Nasiya, kerak bo'lsa Perechisleniye va Dollar ham;
  • Qaytarilgan summa, agar uning sotuvlaridan qaytarish bo'lgan bo'lsa.

Kartochkani bossangiz, shu sotuvchining sahifasi o'sha davr bilan ochiladi.

Sotuvchi sahifasi: tushum, foyda, to'lov turlari
Sotuvchi sahifasi

Sahifada:

  • Tushum: ostida cheklar soni, yonida oldingi davrga nisbatan o'zgarish.
  • Foyda: qaytarilgan tovarlar ayrilgandan keyingi foyda, ostida Ustama foizi. Faqat egasi va boshqaruvchiga ko'rinadi.
  • O'rtacha chek.
  • Qaytarilgan summa: uning sotuvlaridan qaytarilgan pul, ostida Sof tushum.
  • Sotuvlar dinamikasi grafigi va Eng ko'p sotilganlar.
  • To'lov turlari: naqd, karta, nasiya va boshqalar.
  • Berilgan chegirma, Mijozlar (nechta mijozga sotgani) va Ruxsat bilan sotilgan. Oxirgisi narx nazorati yoqilgan bo'lsa chiqadi: nazorat to'xtatgan, lekin tasdiq yoki ruxsat bilan o'tkazilgan sotuvlar soni.

Sotuvlar ro'yxati tugmasi shu sotuvchining cheklarini ochadi.

Ko'p do'konlarda sotuvchiga oylik sifatida savdosidan foiz beriladi. Lekin hamma savdo ham bir xil emas: deyarli ustamasiz sotilgan tovar va hali to'lanmagan nasiya do'konga pul keltirmagan. Obyom shularni chiqarib tashlaydi.

Obyom quyidagicha hisoblanadi:

Obyom = Tushum
− ustamasi belgilangan foizdan oshmagan tovarlar
− nasiyaga sotilgani
+ nasiyadan tushgan pul
− qaytarilgan pul
  • Ustamasi past tovarlar: chegirmani ham hisobga olganda ustamasi belgilangan foiz (masalan, 3%) yoki undan past bo'lgan qatorlar. Tannarxi kiritilmagan tovar obyomga kiradi.
  • Nasiyaga sotilgani: shu davrdagi har bir nasiya sotuv ayriladi.
  • Nasiyadan tushgan pul: mijoz qarzini to'laganda, bu pul o'sha nasiyani sotgan sotuvchiga, pul tushgan davrda qo'shiladi. Mijozning to'lovi avval uning eng eski qarzini yopadi. Mijozning avansidan to'langan nasiya darhol qo'shiladi.
  • Qaytarilgan pul: uning sotuvlari uchun mijozga qaytarib berilgan pul (naqd, karta, o'tkazma) va u chekisiz qaytarishda bergan pul.

Perechisleniye ustamasi ham obyomga kirmaydi: bu do'konning bank xarajati.

Misol. Sotuvchi oy davomida 10 000 000 so'mlik tovar sotdi. Shundan 300 000 so'mligi 3% va undan past ustama bilan ketdi, 1 500 000 so'mligi nasiyaga berildi. O'tgan oydagi nasiyasidan mijozlar 500 000 so'm to'ladi. 200 000 so'm qaytarib berildi. Obyom: 10 000 000 − 300 000 − 1 500 000 + 500 000 − 200 000 = 8 500 000 so'm.

Obyom qoidalarini faqat egasi o'zgartiradi, chunki boshqaruvchining oyligi ham obyomdan bo'lishi mumkin.

  1. Sozlamalar → Imkoniyatlarni oching.

  2. Sotuvchi obyomi blokida Sotuvchilar obyomini hisoblashni yoqing.

  3. Eng past ustama, % maydoniga foizni yozing (dastlab 3 turadi). Shu yoki undan past ustama bilan sotilgan tovar obyomga kirmaydi. Maydondan chiqqaningizda yoki Enter bosganingizda o'zi saqlanadi.

Shundan keyin obyom sotuvchi kartochkalarida va sotuvchi sahifasida chiqadi. Uni egasi va boshqaruvchi ko'radi.

Obyom qanday hisoblanganini tekshirish

Obyom qanday hisoblanganini tekshirish bo'limiga havola

Sotuvchi sahifasida Obyom qanday hisoblandi bloki bor. Unda har bir qator alohida:

Obyom qanday hisoblandi bloki
Obyom qanday hisoblandi
  • Tushum
  • − Ustamasi 3% va past tovarlar
  • − Nasiyaga sotilgani
    • Nasiyadan tushgan pul
  • − Qaytarilgan (naqd, karta) (qaytarish bo'lsagina chiqadi)
  • = Obyom

Dastlabki uch qatorni bossangiz, ichidagi ro'yxat ochiladi:

  • Ustamasi past tovarlar: chek, tovar, qanchaga sotilgani, tannarxi va ustamasi.
  • Nasiyaga sotilgani: chek, mijoz, nasiya summasi, obyomdan qancha ayrilgani va qolgan qarz.
  • Nasiyadan tushgan pul: chek, mijoz, qancha to'langani va obyomga qancha qo'shilgani.

Chek raqamini bossangiz, sotuvning o'zi ochiladi. Oylik berishdan oldin shu yerda tekshirib oling.

Kassir boshqa kassirning savdosini ko'ra oladimi? Yo'q. Kassir faqat o'z sotuvlarini ko'radi.

Sotuvchi ishdan ketdi. Uning savdosi yo'qoladimi? Yo'q. Xodimni tahrirlab, Faolni o'chiring: u endi dasturga kira olmaydi, lekin uning sotuvlari va kartochkasi saqlanib qoladi. Batafsil: Xodim qo'shish.

Ikki kishi bitta kassada ishlaydi. Kim sotganini qanday ajrataman? Har biriga PIN kod bering. Kassada Xodimni almashtirish tugmasi bilan navbat almashadi. Batafsil: PIN kod.

Nasiya puli qaysi oyga yoziladi? Pul tushgan oyga, o'sha nasiyani sotgan sotuvchiga.