Asosiy matnga o'tish

Imkoniyatlar

Yangi do'konda dastur oddiy kassa bo'lib ishlaydi. Qo'shimcha imkoniyatlarni kerak bo'lganda o'zingiz yoqasiz: Sozlamalar → Imkoniyatlar.

Sozlamalar, Imkoniyatlar bo'limi
Sozlamalar → Imkoniyatlar
  • Tugmani bossangiz, o'zgarish darhol saqlanadi va do'konning hamma kassalarida ishlaydi. Alohida Saqlash tugmasi yo'q.
  • Imkoniyatlarni do'kon egasi va boshqaruvchi yoqadi. Obyom qoidalarini faqat egasi o'zgartiradi.
  • Imkoniyatni o'chirsangiz, kiritilgan ma'lumotlar o'chirilmaydi: ular faqat ekranda ko'rinmay turadi.
Imkoniyat Yoqing, agar... Yangi do'konda
Dollar (USD) tovarni dollarda olsangiz yoki mijoz dollarda to'lasa o'chiq
Aralash to'lov mijoz bitta xaridni karta va naqd bilan to'lasa o'chiq
Perechisleniye korxonalar bank hisobingizga pul o'tkazsa o'chiq
Internetsiz sotish deyarli hamma do'konga kerak yoqilgan
Kassa nazorati kassada qancha naqd pul bo'lishi kerakligini bilmoqchi bo'lsangiz o'chiq
O'lcham va ranglar kiyim, poyabzal yoki atir sotsangiz o'chiq
Yorliq tovarlarga narx va shtrix kodli yorliq yopishtirsangiz o'chiq
Ulgurji narx ulgurji ham sotsangiz o'chiq
Sotuvchi obyomi sotuvchiga savdosidan foiz bersangiz o'chiq
Narx nazorati kassir katta chegirma bermasligi yoki zarariga sotmasligi kerak bo'lsa o'chiq
Yetkazib beruvchi chegirmasi yetkazib beruvchi doim chegirma bilan bersa o'chiq
Yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob tovarni qarzga olib, keyin to'lasangiz o'chiq

Tugma: Dollar bilan savdo.

Nima qiladi. Har kuni do'kon kursini kiritasiz. Kassada mijoz dollarda to'lay oladi (qaytim so'mda beriladi). Mahsulot narxini dollarda yozish mumkin: kurs o'zgarsa, uning so'mdagi narxi o'zi qayta hisoblanadi.

Kimga kerak. Tovarni dollarda oladigan va narxi kursga bog'liq do'konlarga (kosmetika, elektronika, qurilish mollari) yoki mijozlari dollarda to'laydigan do'konlarga.

Yoqilgandan keyin:

  • Bugungi kurs va Kursni kiritish tugmasi chiqadi. Kursni do'kon egasi yoki boshqaruvchi har kuni ertalab kiritadi.
  • Dollar narxlarini yaxlitlash: 1, 100, 500 yoki 1 000 so'mgacha (odatda 100). Masalan, $1.75 × 12 850 = 22 487.5 so'm; 100 gacha yaxlitlansa, 22 500 so'mga sotiladi.
  • Chekda dollarda to'langan summa doim chiqadi. Jami summani ham dollarda ko'rsatish uchun Sozlamalar → Chekda Jami summani dollarda ham ko'rsatishni yoqing.

Kassirda nima o'zgaradi. Kassa tepasida kurs ko'rinadi (masalan 1$ = 12 850). To'lov oynasida Dollar to'lovi paydo bo'ladi. Kurs kiritilmagan bo'lsa, dollar bilan to'lab bo'lmaydi.

Batafsil: Dollar kursi, To'lov.

Tugma: Bitta sotuvni karta + naqd bilan to'lash.

Nima qiladi. To'lov oynasida Aralash tugmasi paydo bo'ladi: kassir karta qismini yozadi, naqd qismi o'zi hisoblanadi.

Kimga kerak. Mijozlari ko'pincha "bir qismini kartadan, qolganini naqd" to'laydigan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. To'lov oynasida yangi Aralash tugmasi chiqadi. Batafsil: To'lov.

Tugma: Bank orqali to'lovni qabul qilish.

Nima qiladi. Do'konning hisob raqamiga bank orqali to'lov qabul qilasiz (odatda korxonalardan). Bu to'lov karta va o'tkazmadan alohida hisoblanadi: bosh panel va hisobotlarda o'z qatori bor.

Perechisleniye ustamasi. Bank orqali to'langan xarid shuncha foiz qimmat bo'ladi. Masalan, 5% yozsangiz, 1 000 000 so'mlik xarid bank orqali 1 050 000 so'm bo'ladi. 0 bo'lsa, narx o'zgarmaydi.

Kimga kerak. Korxonalar, maktablar, quruvchilar hisob raqamidan to'laydigan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. To'lov oynasida Perechisleniye paydo bo'ladi. Ustama bo'lsa, butun summa bank orqali to'lanishi kerak.

Tugma: Internet uzilsa ham kassa sotishda davom etsin. Yangi do'konda yoqilgan.

Nima qiladi. Internet uzilsa ham kassa sotaveradi. Sotuvlar qurilmaning o'zida saqlanadi va internet qaytganda o'zi yuboriladi. Sotuv 48 soatdan ortiq kutib turmaydi: shundan keyin kassa internetsiz sotishni to'xtatadi.

Kimga kerak. Deyarli hamma do'konga. O'chirsangiz, internet yo'q paytda kassa umuman sotmaydi.

Kassirda nima o'zgaradi. Yoqilgan bo'lsa, internet uzilganda kassa tepasida Internet yo'q yozuvi chiqadi, kassa esa ishlayveradi. O'chirilgan bo'lsa, kassa "Internet yo'q, internetsiz sotish esa o'chirilgan" deb yozadi va sotmaydi.

Batafsil: Internetsiz ishlash.

Tugma: Kassadagi pulni kuzatish.

Nima qiladi. Kassada hozir qancha naqd pul bo'lishi kerakligini ko'rsatib turadi. Egasi olgan pulni (bu xarajat emas) va yetkazib beruvchilarga berilgan pulni yozib borasiz, kun oxirida kassadagi pulni sanab, farqni ko'rasiz. Sotuvni hech qachon to'xtatmaydi.

Kimga kerak. Kassada boshqa odam ishlaydigan va kechqurun pulni sanaydigan do'konlarga.

Yoqilgandan keyin. Menyuda Kassa hisobi sahifasi, bosh panelda esa Kassada bo'lishi kerak qatori paydo bo'ladi. Kassa hisobini ochish tugmasi shu sahifani ochadi.

Kassirda nima o'zgaradi. Hech narsa. Kassa hisobi sahifasini faqat egasi va boshqaruvchi ko'radi.

Batafsil: Kassa hisobi.

Tugma: Mahsulotlar o'lcham va rangga bo'linadi.

Nima qiladi. Bitta model bir nechta o'lcham va rangda bo'ladi. Har bir o'lcham va rangning o'z shtrix kodi, narxi va qoldig'i bor. Masalan, "Bolalar ko'ylagi" 92, 98, 104 o'lchamda, ko'k va pushti rangda.

Kimga kerak. Kiyim, poyabzal va atir do'konlariga.

Yoqilgandan keyin. Sozlamalarda O'lcham va ranglar bo'limi paydo bo'ladi (uni O'lcham va ranglarni sozlash tugmasi ham ochadi). Birinchi marta yoqilganda tayyor ro'yxatlar qo'shiladi: bo'y, yosh, S-XL, poyabzal o'lchamlari va ranglar.

Kassirda nima o'zgaradi. Kassada model bosiladi, keyin o'lcham tanlanadi. Shtrix kod skanerlansa, aynan o'sha o'lcham darhol savatga tushadi.

Batafsil: O'lcham va rang.

Tugma: Mahsulotlarga yorliq chop etish.

Nima qiladi. Mahsulotlar sahifasida, mahsulot kartochkasida va qabul qilingan Tovar kirimida Yorliq tugmasi paydo bo'ladi. U mahsulot nomi, narxi va shtrix kodi bor yorliqni chop etadi.

Yorliq o'lchami. Yorliq printeringizdagi rulon o'lchamini tanlang: 58×40 mm, 58×30 mm, 40×30 mm (odatda shu), 30×20 mm yoki A4 varaq (24 ta). A4 varaq oddiy printer uchun: bir varaqda 24 ta stiker.

Kimga kerak. Tovarga narx yopishtiradigan yoki o'z shtrix kodini chiqaradigan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. Kassa ekranida hech narsa o'zgarmaydi. Kassir yorliqni qabul qilingan tovar kirimidan chop eta oladi. Mahsulotlar sahifasidan esa mahsulotlar bilan ishlashga ruxsati bor xodim chop etadi.

Batafsil: Yorliqlar, Chek printeri.

Tugma: Mahsulotlarga ulgurji narx qo'shish.

Nima qiladi. Har bir mahsulotda chakana narxdan tashqari ulgurji narx ham bo'ladi. Kassada Chakana / Ulgurji tugmasi paydo bo'ladi. Ulgurji mijoz deb belgilangan mijoz tanlansa, narxlar o'zi ulgurjiga o'tadi. Ulgurji narxi yozilmagan tovar ulgurji savdoda ham chakana narxda sotiladi.

Kassada ikkala narxni ko'rsatish. Ulgurji narx yoqilganda bu tugma ham yoqilgan bo'ladi. Kassadagi mahsulot kartochkasida chakana narx yonida ulgurji narx ham ko'rinadi: sotuvchi mijozga ikkalasini ayta oladi. Kerak bo'lmasa, o'chirib qo'ying.

Kimga kerak. Chakana bilan birga ulgurji ham sotadigan do'konlarga (xo'jalik mollari, qurilish mollari, oziq-ovqat).

Batafsil: Narxlar.

Tugma: Sotuvchilar obyomini hisoblash. Buni faqat do'kon egasi o'zgartira oladi: boshqaruvchi tugmani ko'radi, lekin bosa olmaydi.

Nima qiladi. Har bir sotuvchining obyomini hisoblaydi. Tushumdan ustamasi past tovarlar va hali to'lanmagan nasiya chiqariladi. Nasiya puli keyin tushganda obyomga qo'shiladi.

Eng past ustama, %. Shu yoki undan past ustama bilan sotilgan tovar obyomga kirmaydi. Yangi do'konda 3%.

Kimga kerak. Sotuvchilarga savdosidan oylik foiz beradigan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. Hech narsa. Obyomni egasi va boshqaruvchi ko'radi.

Batafsil: Sotuvchilar va obyom.

Blok nomi: Narx nazorati (zarar va ortiqcha chegirma). Kassir juda katta chegirma bersa yoki mahsulot ruxsat etilgan eng past narxdan arzon sotilsa, dastur nima qilsin? Uchta tanlov bor:

Tanlov Nima bo'ladi
O'chiq Hech narsa tekshirilmaydi.
Ogohlantirish Kassir sababini ko'radi va tasdiqlab sotadi. Sotuv "tasdiqlangan" deb belgilanadi.
Taqiqlash Kassir o'zi sota olmaydi: egasi yoki boshqaruvchi o'z PIN kodi bilan ruxsat beradi.

Eng katta chegirma. Har bir mahsulotga berilgan chegirma (umumiy chegirmadan tushgan ulushi bilan birga) shu foizdan oshmasligi kerak. 0 bo'lsa, chegirma cheklanmaydi. Bu maydon Ogohlantirish yoki Taqiqlash tanlanganda chiqadi.

Eng past narx qaysi:

  • Ulgurji narx o'chiq bo'lsa: tannarx. Chegirma bilan tannarxdan arzon sotish zarar hisoblanadi.
  • Ulgurji narx yoqilgan bo'lsa: chakana sotuvda ulgurji narx (u bo'lmasa, tannarx), ulgurji sotuvda tannarx. Ulgurji narxda faqat ulgurji mijozga sotiladi, boshqa mijozga ruxsat kerak.
  • Mahsulotda Eng past narx kiritilgan bo'lsa, chakana savdoda u ham chegara bo'ladi.

Kimga kerak. Kassada boshqa odam ishlaydigan va chegirmani nazorat qilmoqchi bo'lgan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. Qoidaga to'g'ri kelmagan sotuvda oyna chiqadi: Tuzatish, Baribir sotish (Ogohlantirishda) yoki Ruxsat so'rash (Taqiqlashda). Kassir tannarxning o'zini ko'rmaydi.

Egasi yoki boshqaruvchi o'zi sotsa, Taqiqlashda ham ruxsat so'ramaydi: oynada sababni ko'rib, Baribir sotishni bosadi.

Batafsil: Chegirma va narx nazorati.

Tugma: Yetkazib beruvchilarga umumiy chegirma.

Nima qiladi. Yetkazib beruvchiga bir marta chegirma yoziladi (masalan 5% yoki 10%). Undan kelgan tovar kirimida chegirma har bir qatordan o'zi ayriladi. Mahsulotga shu yetkazib beruvchi biriktirilsa, tannarx chegirma bilan hisoblanadi.

Kimga kerak. Yetkazib beruvchisi narxlar ro'yxatidan doim chegirma bilan beradigan do'konlarga (masalan, elektr mollari, santexnika).

Kassirda nima o'zgaradi. Hech narsa: chegirma faqat tannarxga ta'sir qiladi.

Batafsil: Yetkazib beruvchilar.

Yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob

Yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob bo'limiga havola

Tugma: Yetkazib beruvchilarga qarzni yuritish.

Nima qiladi. Yetkazib beruvchidan qabul qilingan har bir tovar kirimi unga qarz bo'lib yoziladi, to'lovlar qarzni kamaytiradi. Yetkazib beruvchi sahifasida qarz, xaridlar, to'lovlar va tarix ko'rinadi.

Kimga kerak. Tovarni qarzga olib, keyin bo'lib-bo'lib to'laydigan do'konlarga.

Kassirda nima o'zgaradi. Hech narsa. Qarz va to'lovlarni egasi va boshqaruvchi yuritadi.

Batafsil: Yetkazib beruvchilar.

Imkoniyatni yoqib ko'rib, keyin o'chirsam bo'ladimi? Ha. O'chirilganda ma'lumotlar o'chmaydi, faqat ekranda ko'rinmay turadi. Qayta yoqsangiz, yana chiqadi.

Yoqqan imkoniyatim kassada nega ko'rinmayapti? Ochiq turgan kassa yangi sozlamani o'zi bilmaydi. Kassa sahifasini yangilang: kompyuterda F5 ni bosing, telefonda ilovani yopib, qayta oching.

Kassir imkoniyatlarni o'zgartira oladimi? Yo'q. Imkoniyatlar bo'limini faqat egasi va boshqaruvchi ko'radi.